Batafsil ma‘lumot
Jizzax Politexnika instituti haqiqiy ma’nodagi istiqlol farzandidir.
1977 yilda Jizzax shahrida Toshkent politexnika institutining Jizzax "Umumtexnika" fakulteti ochilgan bo‘lib, fakultet uchun 1818 o‘rinli maktab binosi, 100 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar uyi, o‘qituvchilar uchun 16 xonali uy va 3 ta kottedj ajratildi. Fakultet dekani etib dotsent N.Yu.Tashlanov tayinlangan. Yangi tashkil etilgan "Umumtexnika" fakultetiga viloyat rahbariyati tomonidan Jizzax qurilish tresti homiy etib belgilangan.
Fakultet "Umumta‘lim fanlari" va "Umumtexnika fanlari" kafedralari bazasida 21 o‘qituvchi, shulardan 4 nafari fan nomzodi bilan ish boshlagan. 1977–78 o‘quv yili uchun kunduzgi bo‘limga 100 nafar, kechki bo‘limga 75 nafar, sirtqi bo‘limga 25 nafar talaba, tayyorlov bo‘limga esa 100 nafar tinglovchi qabul qilingan. Institut shu yillar davomida respublikamiz xalq xo‘jaligining sanoat, transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, elektroenergetika va kimyo texnologiyasi kabi ko‘plab etakchi tarmoqlariga malakali mutaxassis kadrlar etkazib berdi.
Fakultet va filialni dastlabki yillarda dotsent N.Yu.Tashlanov (1977–1983), professor F.H.Qurbonov (1983–1986), texnika fanlari nomzodi S.I.Ikromov (1986–1988), dotsent U.Yu.Yuldashev (1988–1990), dotsent A.Yu.Salimov (1991) boshqardilar. Filial mustaqil institutga aylantirilgan dastlabki vaqtda institut rektori vazifasini bajaruvchi etib texnika fanlari nomzodi, dotsent M.T.Turopov tayinlandi.
1992 yil 28 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 11 mart 1992 yildagi 125-raqamli qarori bilan Toshkent arxitektura va qurilish instituti Jizzax filiali, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Jizzax filiali hamda Toshkent avtomobil yo‘llari institutining Jizzax filiallari negizida Jizzax Politexnika Instituti tashkil etildi. 1992 yil 25-dekabrda Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan akademik N.R.Rashidov — texnika fanlari doktori, professor, respublika qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan mexanizator va fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati — rektor etib tayinlandi.
2002 yil aprel oyidan 2003 yil iyuligacha dotsent B.I.Matniyazov institut rektori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishladi. 2003 yil iyulidan Jizzax politexnika institutiga texnika fanlari doktori, professor Ibrohim Solihovich Sodiqov rektor etib tayinlandi. Bu davrda innovatsion dasturlar va investitsion loyihalar asosida ta‘lim va o‘qitish sifati oshirildi, moddiy-texnik baza yaxshilandi, viloyatdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 iyundagi "Jizzax politexnika instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 187-sonli qarori institutning tarixida unutilmas sahifa bo‘lib qoldi. 2012 yildan 2016 yilga qadar institutga Ergash Alibekovich Saliev rahbarlik qildi. Ushbu yillarda institutda barcha jabhalarda juda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi: fan, ta‘lim, texnika va texnologiyalarning jadallik bilan taraqqiy etishi uchun keng yo‘l ochib berildi. O‘quv auditoriyalari zamonaviy videoproektor va elektron o‘quv-uslubiy majmualar bilan jihozlandi.
43 ta auditoriya va laboratoriya xonalari eng so‘nggi jihozlar bilan ta‘minlandi: "Elektroenergetika" kafedrasiga "O‘zEnergo" DAK tomonidan 50 mln. so‘mlik, "Transport vositalarini ishlatish" kafedrasiga "O‘zavtosanoat" DAK tomonidan 58 mln. so‘mlik, "Metrologiya va standartlashtirish" kafedrasiga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi Vazirligi tomonidan 34 mln. so‘mlik yangi laboratoriya jihozlari o‘rnatildi. Elektroenergetika kafedrasi qoshida "Uzbekenergo" DAK hamkorligida 50 mln. so‘mlik ASKUE qurilmasi va 18 mln. so‘mlik shamol hamda quyosh FES o‘rnatildi.
"Elektroenergetika" kafedrasi 300 Vt quvvatli Quyosh fotoelektr stansiyasi, 2500 Vt quvvatli shamol elektr generatori, 2 ta "Suv–10" markali geliosuvisitgich qurilmasi, 300 Vt quvvatli mikro GES va gidrotaran qurilmalari bilan ta‘minlandi. ASKUE bo‘yicha 4 ta viloyat (Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro) hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining muhandis xodimlarini qayta tayyorlash kursi tashkil etildi. Avtotransport fakultetining 107-laboratoriya xonasi "O‘zAvtosanoat" konserni tomonidan 37 mln. so‘mlik "Nexia", "Spark", "Matiz", "Kobalt" avtomobillarining ehtiyot qismlari bilan jihozlandi.
2013 yildan "Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti" yo‘nalishi bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari deyarli uch barobarga oshdi. 2014 yil 27 iyulda "Metrologiya va standartlashtirish" kafedrasi tashkil etildi. 2012–2014 yillarda jahon andozalariga mos keladigan sun‘iy qoplamali maydonlar, sport zal, trenajer va kurash zali bunyod etildi.
187-sonli qaror ijrosi maqsadida talabalar turar joyida "Odina Skarlet tekstil" xususiy korxonasi tashkil etildi. Ipoteka bankdan 126 000 evro (5 yil muddatga, 14 foiz ustama bilan) kredit mablag‘lari hisobiga tikuv mashinalari sotib olindi va erkaklar hamda ayollar jemperlari ishlab chiqarildi.
Xalqaro hamkorlik sohasida: Shvetsiya Qirollik universiteti bilan Tempus dasturi bo‘yicha 1 mln. 200 ming evro (JizPIga 100 ming evro); Angliyaning Birmingem universiteti bilan "Avtomobil yo‘llari va avtomagistrallar" yo‘nalishi bo‘yicha 680 ming evro; Germaniyaning Gamburg texnika universiteti bilan "O‘zbekistonning aholi yashaydigan hududlarida iqlim o‘zgarishiga moslashuv" mavzusidagi 99 900 evrolik loyiha amalga oshirildi. Shu loyiha doirasida 10 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi va ilmiy tadqiqot ishlari davom ettirildi.
544061-TEMPUS-1-2013-1-UK-TEMPUS-JPCR "HIGHVEC" — "Avtomagistrallar qurilishi muhandisligi va transport mashinasozligi bo‘yicha o‘quv dasturlarni takomillashtirish" mavzusidagi umumiy qiymati 837 996,69 evrolik xalqaro loyiha 2015–2017 yillarga mo‘ljallangan edi. Shuningdek, Respublika byudjeti hisobidan "Noravshan to‘plamlar nazariyasi asosida tasvirlarni qayta ishlash" (64 mln. so‘m), "Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida xizmat ko‘rsatish sifati" (47,5 mln. so‘m) va "Talabalarda assertiv hulqni shakllantirishning ijtimoiy psixologik xususiyatlari" (42,5 mln. so‘m) loyihalari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 25 dekabrdagi PK-2458-sonli qaroriga ko‘ra 700 o‘rinli o‘quv binosi qurilishi va yotoqxona binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6,2 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi. 2016 yilning 29-sentyabridan boshlab institutga texnika fanlari doktori Alisher Kadirkulovich Usmankulov rahbarlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi 699-sonli qarori qabul qilindi. Qaror ijrosi yuzasidan fakultetlar soni 5 taga (Arxitektura va qurilish, Sanoat texnologiyalari, Avtotransport, Elektromexanika va radioelektronika, Servis), kafedralar soni 22 taga etkazildi. "Arxitektura va qurilish" fakulteti tarkibida Arxitektor-loyihachilar va quruvchilarni qayta tayyorlash mintaqaviy markazi hamda ta‘lim sifatini nazorat qilish bo‘limi tashkil etildi.